|
Husayn
Habash
Shoir
Husayn Habash
1970 yilda Suriyaning Afrin viloyatidagi
kurdlar yashaydigan Shayxul Hadid
qishlog‘ida tavallud topgan. Ayni paytda
u Germaniyaning Bonn shahrida istiqomat
qiladi. Ilk she’riy kitobi "Gullar
qatida" deb nomlangan. Kurd va arab
tillarida ijod qiluvchi shoirning
to‘rtta she’riy kitobi nashr etilgan.
She’rlari ko‘pgina xorijiy tillarga,
jumladan ingliz va ispan tillariga
tarjima qilinib, chet mamlakatlarda ham
bosilgan. Husayn Habash bir necha
xalqaro ijodiy dastur va adabiy
anjumanlarning faol ishtirokchisidir.
IKKI
OSHIQ
Ikki kishi edik
Yolg‘iz ikki nafar
Hatladik darvoza
Ortda eski shahar...
Birin ismi Jamshid,
Ikkinchisi Ona.
Biri uy g‘amida
Axtarur boshpana,
Ikkinchisi esa
Ayollar dardida
Izlar qaynoq bo‘sa...
Ammo lekin shahar
Shafqat qilmayin sal
Keng ochib qulochin
Qolmadi orqadan
Qo‘lida xipchinlar
Soplari qo‘rg‘oshin...
FAVVORA
Ona emizmoqda bolasin,
Ko‘kraklari uning favvora.
Mehru muhabbati beminnat,
Aslo javob kutmas ovvora,
Yuraklari uning favvora.
Bir qush uchib borar ufqda,
Mayin qanotlari favvora.
Qog‘ozda raqs tushadi qalam,
Siyoh-dovotlari favvora.
Bul maydonning qoq o‘rtasida
Gir aylangan shoirning boshi -
Mungli bayotlari favvora.
BETHOVEN
va KURDLAR
Bethoven haykaliga boqarkan
o‘ta g‘amgin ko‘raman uni.
Barcha kurdlar birga
Shahar markaziga tikar ko‘z
qadamlari ila
Hech ne yupatolmas ularni
Sog‘inchdan bo‘lak,
Bethovenni yig‘latish uchun
Shaharni qoq ikkiga bo‘lgan
Shu Reyn daryosiga qarayman
o‘ta, o‘ta g‘amgin ko‘rinar u ham,
Ifrot emasmi ul mabodo,
Bebaxt, mahzun va sho‘rlik Ifrot?
REYNDA
BIR KECHA
Sovuq yalang‘och daraxtlarning
Hayosini qiladi qurbon
Qaltiramay deya bir ayol
Qora choponiga burkanmish
Biz ilgari siljiymiz asta
Yolg‘iz ikki kishi
U va men
Tushar qadam ortidan qadam
Yomg‘ir cherta boshlar
Bo‘zargan barglarni
Daryoni kechadi
Yukli kemalar
Uzoqlashib ketadi birdan
Oramizda qolgan masofa
Va miltirab turgan chiroqlar
Shu orada
Quchoqlashar ular bir-birin
Suvli ekran ortida turib
Undan shirin bo‘sa olaman
Ehtirosli og‘ushni deya
Qaltiraydi maysa
Reyn daryosi chaladi qarsak
Ming xil ranglar ila
Qo‘shiq kuylay boshlar
"Baxtli bo‘ling" deb
Daraxtlarning shovullashi
Afsona bitadi yam-yashil.
Turfa sirlar ichra ko‘milib
Daryo ila quramiz suhbat
Shunday latif va fayzli kecha!
Ingliz
tilidan A’zam Obidov tarjima qildi
|